Olmon xalq og'zaki ijodidan namunalar.
Olmonchadan Shuhratxon Imyaminova tarjimasi
"Bobo va nabira"
Bir zamonlarda bir qariya bo'lgan ekan. Uning ko'zlari xiralashgan, quloqlari og'irlashib qolgan va oyoqlari qaltirar ekan. Agarda u stolda o'tirib ovqatlansa, qoshiqni yaxshi tutib turolmasligi tufayli sho'rvani dasturxonga to'kib yuborar ekan. Kunlardan bir kuni o'g'li va kelini qariyani o'choq orqasiga, bir chekkaga o'tqazib qo'yibdilar. Ular ovqatni qariyaga kosachaga solib beradigan bo'libdilar.
Bir kuni qariya qo'llari qaltirab, kosachani yerga tushirib yuboribdi va kosacha chilparchin bo'libdi. Shunda kelin unga ovqatlanishi uchun yog'och kosacha sotib olibdi va cholga yog'och idishda ovqat bera boshlabdi.
Shu tariqa kunlar ketidan kunlar o'tibdi. Shunday kunlarning birida o'g'il va kelin stol atrofida o'tirganlarida, ularning o'g'ilchasi kichik bir taxtachani ko'tarib kiribdi.
- Buni nima qilasan? - so'rabdi ota o'g'lidan.
- Bu yog'ochdan kosacha yasamoqchiman. Katta bo'lganimda, undan sizlar ovqat ichasizlar, - deb javob beribdi bola.
Shunda ota va ona uyatdan yig'lay boshlabdilar. Ular qariyani stolga olib kelib o'tqazibdilar. Shundan beri qariya ular bilan birga ovqatlanar ekan. Ba'zan ovqat to'kilib ketsa ham, o'g'il va kelin jech narsa demaydigan bo'libdilar. |