TARJIMALAR - TRANSLATIONS

Olmon xalq og'zaki ijodidan namunalar.
Olmonchadan Shuhratxon Imyaminova tarjimasi

Qanday qilib kunni uzaytirmoqchi bo ' lishgani haqida

        Janob Graf odamlari qanday ishlayotganini ko'rish uchun dalaga chiqibdi. Ular erta tongdan to kun botguniga qadar tirishib ishlardilar. Ammo grafga bu juda kam tuyular edi. Kun uning uchun juda qisqadek ko'rinardi. Bir kuni u odamlarni to'plab, shunday dedi:
        - Kun juda qisqa, sizlar ko'p narsaga ulgura olmayapsizlar. Biz kunni uzaytirishimiz kerak. Bu kimning qo'lidan kelsa, o'sha bir oltin tangaga ega bo'ladi.
         Shunda bir bola kunni uzaytira oladigan mashina yasay olishini aytibdi. Graf undan mamnun bo'libdi va bola ishga kirishib ketibdi. Bola bir g'ildirakni olib, unga tutqich o'rnatibdi. Buni ko'rib Graf:
        - Axir bu faqatgina g'ildirak va tutqich xolos-ku! - debdi.
        - Xuddi shunday, lekin bu juda zo'r mashina. Buni faqat siz aylantirishingiz kerak, janob Graf, aks holda kun uzaymaydi. O'zingiz ertalabdan kechgacha aylantirishingiz lozim, debdi bola.
        - Men tayyorman, - debdi Graf va ishga kirishibdi.
        Ishchilar ishga chiqqanida Graf tutqichni ushlabdi-da, quyosh chiqqunidan to botgunigacha g'ildirajni aylantiraveribdi. G'ildirak juda katta va og'ir bo'lib, aylanishi qiyin ekan.Graf juda holdan toyibdi va kech tushishini mushtoqlik bilan kuta boshlabdi. Quyosh botganida haligi bola Grafning oldiga kelib:
        - Ha, janob Graf, bugun kun uzaydimi? - deb so'rabdi.
        Shunda Graf debdi: - Bugungi kun bir haftadek uzoq tuyuldi. Men uning oxiri bo'lmasa kerak deb o'ylagandim. Ha, bu juda zo'r mashina ekan, ammo ayt-chi, yigitcha, buni mendan boshqa kishi aylantira olmaydimi?
        - Albatta, buning iloji bor, ammo sizdan boshqa odam aylantirsa, kun uzaymaydi-da! - debdi bola.
        Graf o'ylab ko'rib, shunday qarorga kelibdi:
        - Afsus! Kelingar, yaxshisi, kun qanday bo'lsa, shundayligicha qolaversin!
        Shunday qilib kun uzaymay qolavergan ekan.